Turkiyaga Ishlash Uchun Ketayotganlar Diqqatiga: Safaroldi va Mehnat Bo‘yicha Amaliy Qo‘llanma Turkiya Respublikasida xavfsiz va qonuniy mehnat faoliyatini olib borish har bir fuqarodan zaruriy tartib-qoidalarni bilishni talab etadi. 1.
Ishga Yollanish Bosqichlari va Rasmiylashtirish • Vakansiya tanlash va suhbat: Malakangizga mos ish o‘rnini topib, ish beruvchi bilan suhbatdan o‘ting. • Yozma ish taklifi (Job Offer): Ish beruvchi yoki agentlik ish tavsifi, maosh va shart-sharoitlar ko‘rsatilgan yozma taklif berishi shart. • Ishlash ruxsatnomasi (Çalışma İzni): o Turkiyaning diplomatik vakolatxonasidan 16 xonali ma’lumotnoma raqamini oling. o Ushbu raqamni Turkiyadagi ish beruvchiga yuboring; ish beruvchi vazirlik portali orqali ariza topshiradi. o Tasdiqdan so‘ng viza to‘lovlarini to‘lab, pasportga viza stikerini bostiring. • Kelgandan keyingi ro‘yxat: Turkiyaga yetib borgach, 20 kun ichida Aholi va fuqarolik ishlari boshqarmasida ro‘yxatdan o‘tish shart. • Shaxsiy hujjatlar: Pasportingizni hech kimga doimiy saqlash uchun bermang.
2. Ishga Qabul Qilishdagi Firibgarliklardan Ehtiyot Bo‘ling • Minimal tajriba uchun haddan tashqari yuqori oylik va’da qilinishi. • Suhbat o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish taklif qilish. • Vizani rasmiylashtirish bahonasida oldindan asossiz to‘lovlar talab qilish. • Qaror qabul qilishda shoshiltirish va bosim o‘tkazish. 3.
Mehnat Sharoitlari va Huquqiy Kafolatlar • Ish vaqti: Haftasiga ko‘pi bilan 45 soat. • Ish vaqtidan tashqari mehnat (Overtime): Yiliga ko‘pi bilan 270 soatgacha ruxsat beriladi va oshirilgan stavkada (1,25–1,5 baravar) to‘lanadi. • Dam olish kunlari va tanaffuslar: Haftada kamida 1 kun to‘liq haq to‘lanadigan dam olish kuni berilishi shart.
Kunlik ish hajmiga qarab 15 daqiqadan 1 soatgacha tanaffuslar beriladi. • Sinov muddati: Odatda 2 oygacha (o‘zaro kelishuv bilan 4 oygacha). • Yillik haq to‘lanadigan ta’til: Ish stajiga qarab: 1–5 yil — 14 kun; 5–15 yil — 20 kun; 15 yildan ortiq — 26 kun. • Eng kam ish haqi: 2025-yil holatiga ko‘ra sof eng kam oylik ish haqi 22 104 TRY. • Ish haqining kechikishi: Agar oylik 20 kun ichida to‘lanmasa, xodim qonuniy ravishda ishni to‘xtatish huquqiga ega. 4.
Mehnat Shartnomasini Bekor Qilish Tartibi Ogohlantirish muddatlari: • 6 oydan kam ishlaganda — 2 hafta oldin; • 6 oydan 1,5 yilgacha — 4 hafta oldin; • 1,5 yildan 3 yilgacha — 6 hafta oldin; • 3 yildan ortiq ishlaganda — 8 hafta oldin. • Xodim sog‘lig‘iga xavf tug‘ilsa, haqorat/tazyiqqa uchrasa yoki oylik o‘z vaqtida berilmasa, shartnomani darhol bekor qilishga haqli. 5.
Favqulodda Aloqa Raqamlari • 112 — Yagona favqulodda xizmat (Tez yordam, politsiya, yong‘in xavfsizligi) • ALO 170 — Mehnat va ijtimoiy ta'minot vazirligi • ALO 157 — Xorijliklar bilan muloqot markazi (YİMER) • +998 71 202-33-55 (Qisqa raqam: 1282) — O‘zbekiston Migratsiya agentligi
